Ichki turizm – yurt ravnaqiga xizmat qiluvchi muhim omil Mamlakatimizda ichki turizmni yanada rivojlantirish, aholining madaniy hordiq chiqarishi va yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida respublika bo‘ylab keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday ezgu tashabbuslar doirasida, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xorazm hududiy filiali rahbariyati hamda jamiyat Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan jamiyat xodimlari uchun ichki turizm yo‘nalishida Toshkent shahriga madaniy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi. Joriy yilning 1–2-fevral kunlari bo‘lib o‘tgan ushbu safar davomida ishchi-xodimlar poytaxtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylari, zamonaviy me’moriy majmualari va madaniyat maskanlarini tomosha qilib, boy taassurotlarga ega bo‘ldilar. Safar davomida xodimlar uchun madaniy hordiq chiqarish maqsadida so‘z ustasi J. Normatovning konsert dasturi ham namoyish etildi. Ushbu konsert dasturi ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat, unutilmas lahzalar va yaxshi taassurotlar ulashdi. Mazkur tadbir ishchi-xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, jamoada do‘stona muhitni mustahkamlash hamda ichki turizmni rivojlantirishga xizmat qilgani bilan ahamiyatlidir. Bunday tashabbuslar kelgusida ham izchil davom ettirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu yurtimizda ichki turizm salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xorazm hududiy filiali matbuot xizmati