146,6 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xorazm hududiy filiali tomonidan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va oldini olish maqsadida viloyatning barcha hududlarida maxsus ishchi guruhlar tomonidan reyd tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazilmoqda. Navbatdagi reyd davomida Bog‘ot tumani “Ma’naviyat” mahallasida joylashgan, fuqaro “K.D”ga tegishli xonadon mutaxassislar tomonidan o‘rganildi. Tekshiruv jarayonida iste’molchi maishiy texnika vositalarini elektr hisoblagichdan tashqari, o‘zboshimchalik bilan ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi. Mazkur qoidabuzarlik oqibatida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, elektr ta’minoti korxonasiga jami 146,6 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Aniqlangan holat yuzasidan mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli tashkilotlarga taqdim etildi. ❕“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xorazm hududiy filiali iste’molchilarni elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga qat’iy rioya etishga, noqonuniy ulanish va qoidabuzarliklar og‘ir moliyaviy hamda huquqiy oqibatlarga olib kelishini yana bir bor eslatib o‘tadi. 🖥 “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xorazm hududiy filiali matbuot xizmati