
#Urganch_shahar #deputatlik_guruhi_eshituvi ♻️Xalq deputatlari Xorazm viloyati va Urganch shahar Kengashlari OʻzLiDeP deputatlik guruhlari bilan birgalikda jamoatchilik nazoratini taʼminlash maqsadida jamoatchilik eshituvi oʻtkazildi. Mazkur eshituvda shaharda oila va xotin-qizlar masalalari hamda sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar axborot berdilar. Xususan, Urganch shahar hokimi oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Rayhon Davletova tomonidan shaharda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar bilan ishlash, ularning bandligini taʼminlash hamda muammolarini bartaraf etish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida atroflicha axborot berdi. 🔹Shuningdek, Urganch shahar Tibbiyot birlashmasi boshligʻi oʻrinbosari Jo‘rabek Yaqubov shahar aholisiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, tibbiyot muassasalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, profilaktik koʻriklar, onalik va bolalikni muhofaza qilish yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar yuzasidan axboroti tinglandi. Jamoatchilik eshituvi davomida deputatlar va tadbir ishtirokchilari tomonidan berilgan savollarga mutasaddilar tomonidan javoblar berildi. Shu bilan birga, mavjud kamchiliklar, ularni bartaraf etish hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi. ✔️Jamoatchilik eshituvi davomida deputatlar tomonidan sohalarda mavjud muammolar yuzasidan qator taklif va mulohazalar bildirildi. Jumladan, oila va xotin-qizlar bilan ishlashda mahalla instituti imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni kasb-hunarga oʻqitish va tadbirkorlikka yoʻnaltirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni kuchaytirish taklif etildi. Shu bilan birga, tibbiyot sohasida aholi uchun qulayliklarni oshirish, elektron navbat tizimini takomillashtirish, chekka mahallalarda sayyor tibbiy xizmatlar faoliyatini kengaytirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni muntazam tashkil etish zarurligi taʼkidlandi. ✅Eshituvda muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. Urganch shahar hokimligi matbuot xizmati.