Toshkentdagi va respublikamizning boshqa shaharlaridagi havo ifloslanishi bilan bog‘liq jiddiy vaziyat tezkor, kechiktirib bo‘lmaydigan yechimni talab etmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan bu muammoni imkon qadar tez bartaraf etish uchun menga barcha kuchlarni safarbar qilish vazifasi topshirildi.Shu maqsadda tuzilgan Maxsus komissiya ayni kunlarda jadal ish olib bormoqda. Reydlar o‘tkazilib, atrof-muhit muhofazasiga oid qonunchilik talablarini buzayotganlarga qarshi ayovsiz kurash boshlandi. Bugun ana shu ishlarning dastlabki natijalari bilan tanishdik. Shahar va viloyat hokimlari, idoralar rahbarlari hisobot berdilar.
Maxsus komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar tizimli bo‘lishi, faqat bugungi vaziyatni yaxshilabgina qolmay, balki kelajakda ham bunday ekologik ofatlarning oldini olish imkonini berishi men uchun juda muhim. Shu bois aniq muddatlarda zarur natijaga erishish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdim.Millat salomatligi ikkinchi darajali masala bo‘lishi mumkin emas — toza havo, suv va sog‘lom ekologik muhit uchun kurash oldimizda turgan eng asosiy vazifalardan biridir.