Aholi farovonligi va biznesni o‘stirishga xizmat qiladigan infratuzilmani yanada yaxshilash bo‘yicha ham 2025-yil katta o‘zgarishlar yili bo‘ldi. Xususan, energetika sohasida tub burilish yasalgani hisobiga elektr ishlab chiqarish hajmi 85 milliard kilovatt-soatga yetkazildi. Bu yil 188 ta mahalladagi 715 ming aholi yashaydigan xonadonlarga birinchi marta toza ichimlik suvi kirib bordi, yana 2 million 300 mingga yaqin aholining suv ta’minoti yaxshilandi. Yoki 867 ta “og‘ir” mahalladagi 470 mingta xonadonga tomorqalarni sug‘orish uchun ilk bor suv yetib bordi. Joriy yilda aholiga 8 million 100 ming kvadrat metr ko‘p qavatli uylar topshirilmoqda, odamlarning o‘zi ham yashash sharoitini yaxshilash uchun 19 million kvadrat metr maydonda qurilish qildi. Biznes vakillari tomonidan 24 million kvadrat metr noturar joy obyektlari barpo etildi. Umuman, so‘nggi to‘qqiz yilda 210 million kvadrat metrli turar joy va noturar joy obyektlari foydalanishga topshirildi. Facebook|Instagram|X